Ertalab Petrov bir qultum qahvasini ichdi-yu, xotinining peshonasidan o‘pib, ishga otlanmoqchi bo‘lib, ostonaga yetganda hayallab, cho‘ntaklarini kovlashtira boshladi.
— Nimangni izlayapsan? — dedi xotini.
— Fikrim… mening fikrim… topilmayapti, — dedi Petrov kiyimlarini paypaslab, kissalarini kovlashda davom etarkan. — Qayoqqa tiqdim ekan-a!
— Anovi cho‘ntagingdagi shalvirab turgan nima?
— Dastro‘molcham, — ming‘irladi Petrov. — Fikrim qayoqqa daf bo‘ldiykin-a?
U barcha cho‘ntaklarini ag‘darib ko‘rdi, portfelini titkiladi, kiyimlarini qoqishtirib ko‘rdi — topolmadi.
— Yo‘q, — dedi u xotiniga. — Sen bilmaysanmi, qayoqqa g‘oyib bo‘lganikin?
— Yaxshisi, hovliqmasdan, astoydil izlab ko‘r.
Petrov yana cho‘ntaklarini birin-ketin kovlashga tushdi. Afsuski, hech qaerda uning shaxsiy fikri yo‘q edi.
— Shoshmay tur-chi, — deya xotini peshonasini tirishtirdi. — Oxirgi marta sen uni o‘tgan yili, yanvar oyida eslagandek bo‘luvding, shekilli. Korxonangda yillik reja tasdiqlanadigan kuni-chi?
— Yo‘q, xotin, adashyapsan. Men hali aqldan ozganim yo‘qki, yillik reja muhokamasiga shaxsiy fikrim bilan borsam!..
— Hmm… Ha, aytmoqchi! Keyin vazirlikka chaqirishuvdi-ku? Ehtimol, fikringni o‘shanda obketgan bo‘lma tag‘in?
— Nimalar deyapsan, xotin? Vazirlikka kim ham o‘z fikri bilan boradi, a? Shunday nufuzli joyda, odatda, o‘zgalarning fikriga qo‘shilasan, bas! Yo‘q, u gal fikrimni obketmaganman.
— Unda qayoqqa gumdon bo‘ladi? Aslida bormidi o‘zi?
— Bor edi, bor edi, mana, endi yo‘q.
— Yopiray! Savil qolgur fikring qaysi kavakka kirib ketdiykin, a?
Xotini chuqur o‘yga toldi. Eri so‘nggi paytlarda qaerlarga boruvdi, o‘zi bilan o‘z fikrini qachon obketuvdi?
— O, topdim! — deb qiyqirib yubordi xotini. — Esingdami, Bosh direktoringga tishini qayrab yurgan Simeonov degan shartaki xodimlaring bor edi-ku, o‘shani ishdan bo‘shatadigan kun esingdami? Fikringni o‘sha kungi majlisga obketgansan. Yodingga tushdimi?
— Yodimda, — dedi Petrov bamaylixotir. — Lekin o‘shanda bizdan majlis qarorini qo‘llab-quvvatlashgina so‘ralgan, xolos. Shaxsiy fikr hech kimni qiziqtirmagan.
Xotini javonini ochib ko‘rdi.
— Balki sen uni muhim hujjatlaring saqlanadigan g‘aladonga solib qo‘ygandirsan?
— Qo‘ygandim. So‘ng bir marta olish uchun ochib… oldimmi yo yana solib qo‘ydimmi, esimda yo‘q.
— Menga qara, shu tobda shaxsiy fikring nega kerak bo‘p qoldi? Nega yopishib olding? Axir, ishga ketyapsan-ku? So‘rab qolsalar, “uyda qopti”, deb aytarsan-da.
— Xo‘p, aytarman. Mabodo, uni mutlaqo yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsam-chi?
— Qiyomat qo‘pmas! Uningsiz ham binoyidek yashab kelyapsan-ku!
— To‘g‘riku-ya… Har holda, doim uningsiz yashash ham yaxshimas. Biror nozik joyda kerak bo‘p qolsa, nima degan odam bo‘laman?
— Kerak bo‘lmaydi-yov…
— Yo‘q, har holda, har holda… Biror joyda bordir u? Hech bo‘lmasa, bir qur qarab ko‘raylik-chi!..
Xotini shiddat bilan kiyim-kechak, ko‘rpa-to‘shaklarni ag‘darishga tushib ketdi…
— Mana u! — dedi xotini terlarini arta-arta. — Sen uni eski paltongning cho‘ntagida qoldiribsan. Bu paltoni, bilasanmi, ikki yil oldin chiqitga chiqarib tashlovding.
— To‘ppa-to‘g‘ri, shaxsiy fikrim! — quvonib ketdi Petrov. — Ikki yil oldin opchiqqan ekanman-u, yana o‘sha joyida paqqos unutib qoldiribman-a?
— Men paltoni yuvishga topshirvorgandim-ov. Bu yoqqa ol-chi, kirmoshinda fikring ivib, titilib ketmadimikin? — Shunday deb xotini aylantirib-aylantirib, silkib-silkib, puflab-puflab eriga fikrini qaytarib berdi. — Yo‘q, jin ham urmabdi. Aksincha, xuddi yangidek.
— Albatta-da, men undan deyarli foydalanmadim, axir.
— To‘g‘ri qilasan. Menam paltongni bolaxonaga chiqarib tashlamoqchiydim. Baribir kiymaysan-ku!
— Menda yangisi bor-ku. Pochapo‘stin.
— Endi fikringni boshqa, ko‘rinarli joyga qo‘y. Qutichagami, hujjatlaringning orasigami? Yaxshisi, eng ishonchlisi — omonat daftarchangning qatiga joylab qo‘ya qolganing durust.
— Shunday qilaman!
Petrov shaxsiy fikrini daftarcha qatiga joyladi-yu, xotinining peshonasidan o‘pib, mamnun holda eshikdan chiqdi.
Ahmad Oqnazarov tarjimasi